Xalqimiz orasida qandli diabet kasalligi to‘g‘risida ko‘pchilik ma’lum miqdorda ma’lumotga ega. Afsuski uning aksariyat holatlarda bemorning hayot sifatining pasayishiga, nogironlikka sabab bo‘luvchi asoratlari haqida etarli bilimga ega emas.
Qandli diabet xastaligining asoratlaridan biri bu – “diabetik tovon” (“diabetik to‘piq”, “diabetik oyoq”) sindromi.

Bu asorat qandli diabet bilan og‘rigan kasallarning 16-18%da uchraydi.
“Diabetik tovon” so‘zi bilan umumlashtirib qandli diabetda bemor oyog‘ida uchraydigan barcha o‘zgarishlar (oyoqlarning ozib ketishi, oyoqlardagi tirnoq va junlarning zararlanishi, sovuq qotish, sanchiqlar, uvishish, quvvatsizlik, sezuvchanlikning pasayib borishi (og‘riq sezmaydi), tovon yoriqlarining paydo bo‘lishi, uzoq bitmaydigan yiringli yaralar hosil bo‘lishi, yaradan sel oqishi, nekroz va ko‘pchilik holatlarda amputatsiyaga sabab bo‘luvchi qorason kasalligi) tushuniladi. Bunday o‘zgarishlar ko‘pchilik holatlarda oyoq barmoqlaridan, ayniqsa birinchi barmoqdan va jimjiloqdan, tirnoqlar yonidan, oyoqning tovon sohasidan boshlanadi. Bu o‘zgarishlar atrofida yallig‘lanish belgilarini ya’ni shish, qizarish, og‘riq, mahalliy haroratning ko‘tarilishini va boshqalarni ko‘rish mumkin.
Bu o‘zgarishlar asosida uzoq muddat davomida qondagi qand miqdorining me’yoridan baland turishi oqibatida kelib chiqadigan diabetik neyropatiya (oyoqdagi asab tolalarining zaralanishi), mikro- va makroangiopatiya (kichik va katta qon tomirlarning zararlanishi) yotadi.

Diabetik neyropatiya bu – qandli diabetda asab tolalari qobig‘ining emirilishi (demielinizatsiya), oziqlanishining buzilishi (atrofiya) va strukturasining parchalanishi (degeneratsiya)dir. Bu guruh kasallarda diabetik neyropatiya boshlanishida oyoqlarda og‘riq va harorat sezuvchanlikning pasayishi bilan, kechki uyqu bermaydigan sanchiqlar va tirishishlar bilan namoyon buladi. Diabetik polineyropatiya oqibatida oyoq shaklining o‘zgarishlari (deformatsiya), tana og‘irligining qayta, noto‘g‘ri taqsimlanishi natijasida tovon ostki yuzasida qadoqlarning hosil bo‘lishi, bu esa o‘z navbatida bosim yaralarining hosil bo‘lishiga olib keladi. Bu yaralar infektsiya tushishi oqibatida yiringlab ketadi (madda oqishi).

Boshqa guruh kasallar oyoqlardagi qon tomirlarning bekilib (diabetik angiopatiya), qon aylanishining buzilishi bilan murojaat qilishadi. Bunday kasallarda 28% gacha amputatsiyalarga olib keluvchi, tuqimalar o‘lishi (nekroz) bilan kechadigan katta chirikli yaralar, yiring va qorason kuzatiladi. Bu kasallik barmoq uchidagi yoki tovondagi uzoq bitmaydigan akral quruq nekroz bilan boshlanadi. Neyropatik yaradan farqli o‘laroq bu yaralar og‘riqli bo‘ladi. Infektsiya qo‘shilishi jarayonning og‘irlashishiga, ya’ni flegmonalarga, yiringli-nekrotik yaralarga va hattoki qorasonga (gangrena) olib kelishi mumkin. Qorason kasalligi esa o‘z vaqtida tor mutaxassis tomonidan, zamonaviy asbob-uskunalar yordamida, sinchkovlik bilan sifatli davolanmasa amputatsiyaga olib kelishi mumkin. Xalqaro ko‘rsatkichlarga muvofiq amputatsiyalarning 70-75% qandli diabet kasalligiga to‘g‘ri keladi.
Katta hajmdagi yiringli yaralarning xavfli tomoni shundaki, bu yaralardan odam tanasiga yiringli jarayonning zaharli moddalari surunkali ravishda tushib buyrak, yurak, o‘pka, bosh miya va boshqa ichki a’zolarni zaharlaydi. Bu esa kasalning holsizligi, quvvatsizligi, yurak urishi tezlashishi, hansirashi, siydik miqdorining kamayishi, ishtaxasi bug‘ilishi, tana haroratining ko‘tarilishi, asabiylashishi bilan namoyon bo‘ladi. Mahalliy tovon terisi sovuq, oqargan va ayrim hollarda ko‘kimtir rangda bo‘ladi. Tovonda, taqim ostida va hattoki sonda tomir urishi pasaygan yoki umuman aniqlanmasligi mumkin. Buni ulьtratovush doplerografiyasi, oyoq qon tomirlari kompyuter tomografiyasi aniq ko‘rsatib beradi. Agar magistral qon tomir yopilgani aniqlansa kasalda qon-tomir jarrohi tomonidan ma’lum guruh muolajalar (operatsiya) yordamida bu qon tomir ochiladi.